Satkak
Farg'ona tumani | June 9, 2024
Sadkak ota ziyoratgohi — Fargʻona viloyati Fargʻona tumanining Sadkak qishlogʻida joylashgan qadamjo[1]. Sadkak ota mozori qachon va kim tomonidan barpo etilgani maʼlum emas. Ammo mozorning XIX asrga oid qozilik hujjatlarida aks etishi koʻhna ziyoratgohlardan biri ekanligini anglatadi. Ziyoratgohning dastlabki qurilgan binosi saqlanib qolmagan. Maʼlumotlarga qaraganda, Sadkak ota ziyoratgohi ikki marta, yaʼni 1938- va 1986-yillarda buzib tashlangan[2]. Ateistik ruhdagi asarlarda Fargʻona viloyati ziyoratgohlari xususida ham fikrlar keltirilgan. A.Alimuhamedovning „Muqaddas“ va „Qadamgoh“ va ularning zararlari" nomli risolasida Fargʻona vodiysidagi muqaddas ziyoratgohlar toʻgʻrisida, jumladan Sadkak ota mozori haqida ham maʼlumotlar qoldirgan. Bu mozor toʻgʻrisida xalq oʻrtasida turli diniy rivoyatlar tarqalgan. Bu yerdagi shayxlarning bir qismi asl nomi „Sadkokiy“ boʻlgan bir moʻysafid zot umrining oxirida shu adir orasiga kirib koʻzdan gʻoyib boʻlgan deyiladi. Baʼzilari bu yerda ancha oldin „Sadkak eshon“ oʻtgan, u yashagan yerlarini ziyorat qilish ham farz va ham sunnat, deb tushuntirishga harakat qiladilar.